Johillikning davosi
Johillikning davosi
Alhamdulillah, yurtimizda barcha sohalarga oid boʻlgan kitoblar va adabiyotlar kun sayin ortib bormoqda. Shu bilan birgalikda diniy yoʻnalishda tafsir, Qurʼoni karim maʼnolar tarjimasi, hadis, aqida va boshqa fanlarga oid koʻplab kitoblar ona tilimizda nashr etilmoqda. Quydagi hadisi sharifda johillikni davosi bo’lgan limning fazilati qanchalik buyuk ekani rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Qaysi amal afzal?” deb soʻrashdi. U zot aytdilarki: “Alloh azza va jallani bilish”. Soʻng: “Siz qaysi ilmni iroda qilyapsiz?” deb soʻrashdi. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Alloh taoloni bilishni”. Shunda: “Biz sizdan amal haqida soʻrasak, ilm haqida aytyapsiz”, deyishdi. Nabiyimiz sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taoloni tanib qilinadigan ozgina amal ham manfaatli boʻladi, Allohni bilmasdan qilingan koʻp amal ham foyda bermaydi!” dedilar. Ilm olishning fazilatlari toʻgʻrisida Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadi: “Olimlarning darajasi ilm olmagan moʻminlarning darajasidan yetti yuz karra yuqoridir. Har darajaning orasi besh yuz yillik yoʻlga teng”.Demak, inson o’zidagi johillikni ketkazish uchun avvalo ilmli bo’lmog’i, to’g’ri ma’lumotlarga asoslangan kitob o’qish va bilmagan narsalarini biladigan ustozlardan so’ramog’i lozim.Bu borada Alloh taolo biz bandalarini ogohlantirib Anbiyo surasining 7- oyatida quydagicha marhamat qiladi:
“…Agar bilmasangiz ilm ahlidan so’rang”
Kishi johillikdan qutilish uchun kitob o’qishga imkoniyati bo’lmasa ilm egalariga yuzlanmog’i kerak bo’ladi. Bilmaganini so’rash ham johillikni davosi hisoblanadi. Ulamolar haqiyqiy johilni quydagicha ifodalaydilar:
Faqat nodon, johil odamda uchraydigan beshta belgi:
1- Johil inson o’zini davr dahosi deb hisoblaydi.
2- Nima bo’lishidan qat’iy nazar, o’z fikrida turib oladi.
3- Har bir masalada o’z fikrini bildiradi.
4- U hech kimni hurmat qilmaydi.
5 – O’zini bilmasligini bilmaydi va bilishga qodir bo’lmaydi.
Bu sifatlar johillikning yuqori darajasi hisoblanadi. Xolil ibn Ahmad Farohidiy rohimahulloh: “To’rt kishi bor: biladigan kishi bo’ladi va bilishini ham biladi, shuning uchun u ilmlidir, undan so’ranglar, biladigan kishi bo’ladi lekin bilishini bilmaydi, shuning uchun u g’ofil bo’ladi, shu sababli uni ogohlantiring, bilmaydigan kishi bo’ladi va bilmasligini biladi, shuning uchun u johil bo’ladi uni o’rgating, bilmaydigan kishi bo’ladi va bilmasligini ham bilmaydi, shu sabab u ahmoq bo’ladi undan saqlaning” degan ekanlar.
Alloh taolo barchalarimizni ilm ahllari qatorida bo’lishimizni, johil, nodonlardan bo’lmasligimizni nasib qilsin. Qilayotgan amallarimizni Alloh taoloning roziliga muvofiq bo’lmog’ligini, o’zimizdan va boshqalardan johillikni ketkazishda kuch-quvvat, g’ayrat- shijoat ato qilsin.
Muhammadmuso Nabijonov “Jo`ybori Kalon” ayol-qizlar
o`rta maxsus islom ta`lim muassasasi o`qituvchisi
Izoh qoldirish