Rahbarga itoat vojib
Insonlarning haq-huquqlarini himoya qiladigan, zolimdan mazlumning haqini olib beradigan, ular o‘rtasida adolat qilib, siyosatini o‘tkazadigan bir rahbar bo‘lmasa, jamoatda tartibsizlik, nizolar kelib chiqishi tabiiy. Chunki insonlarning fikri bir joydan chiqmasligi haqiqat. Insonlarning fikrlarini tinglab, yagona tizim asosida boshqaruvchi rahbar bo‘lmasa, fitna-fasod ko‘payib, ular firqalarga bo‘linib ketishadi. Natijada haq-huquqlar poymol qilinadi, kuchlilar zaiflarni xo‘rlaydi, butun bir jamiyat inqirozga yuz tutadi.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ummatlarini Alloh azobidan qo‘rqishga-taqvoga chaqirganlaridan so‘ng ularni o‘zlaridan bo‘lgan ish egalariga itoat qilishga buyurdilar. Rahbarning buyrug‘i shariatga zid bo‘lmasa, unga itoat qilish vojibdir. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
“Ey imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) boshliqlarga itoat etingiz!” (Niso, 59).
Alloh taolo avvalo O‘ziga, so‘ngra Paygambar (sollallohu alayxi va sallam)ga, undan so‘ng ishboshilarga itoatli bo‘lishga buyuryapti. Oyatdagi “ulul-amr” kalimasi “ishboshi”, “buyruq; egasi” degan ma'nolarni anglatadi.
Imom Molik, Ibn Abbos, Zaxdok, Mujohid va Atolarning aytishicha, “ulul-amr”dan murod Qur'on va ilm ahllari, ya'ni faqihlar va din ulamolari bo‘lsa, ikkinchi fikrga ko‘ra amir, boshliq va voliylardir.
Musulmonlar ichidan saylangan (yoki tayinlangan) boshliq va rahbarlarga itoat qilib, ularning amrini bajarish vojibdir. Bunga hadislardan bir qator dalillar keltiriladi. Jumladan, Imom Navaviy (raxmatullohi alayh) ushbu oyatdagi “ulul-amr”dan murod “Alloh taolo ularga itoatni vojib qilgan rahbarlar va boshliqlardir”, deganlar. Hofiz ibn Kasir (raxmatullohi alayh) esa ushbu oyat umumiydir, ya'ni barcha boshliqlarga itoat qilish vojibligi to‘g‘risidadir, deganlar.
Agar ular gunoh ishga buyurishmasa, rahbarlarga bo‘ysunish Allohga itoat qilishdir. Ibn Umar (roziyallohu anhu) dan rivoyat kilinadi: Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) bunday dedilar:
“Musulmon kishi (boshlig‘i buyurganida) yaxshi ko‘rgan yo yomon ko‘rgan narsada buladimi, gunoh ish bo‘lmasa, bo‘ysunishi lozim. Agar boshliq shariat man qilgan ishga buyursa, unga bo‘ysunilmaydi”.
Ulamolar: “Inson yoqtiradimi, yo‘qmi, qiyin holatdami yoki yengillik holatida, nafsiga og‘ir keladimi-yo‘qmi, rahbarga itoat qilishi vojibdir”, deyishgan.
Boshqa bir hadisda: “Kim menga itoat etsa, Allohga itoat qilibdi. Kim menga osiylik qilsa (bo‘ysunmasa), Allohga osiylik etibdi. Kim amirimga itoat qilsa, haqiqatan menga itoat etibdi. Kim amirimga osiylik qilsa, haqiqatan menga osiylik etibdi”, deganlar.
Itoatli bo‘lishning bir qancha hikmatlari bor: jamiyat tinchligi va unda tartib-qoidalar o‘rnatilishi, fitna va buzg‘unchiliklarning oldi olinishi va hokazo ...
Ta’lim muassasasi direktori A. Inoyatov
Ta'lim muassasasi mudarrisasi: S. Amonova
Izoh qoldirish