22.09.2023

Mazhabsizlik illati

XX asr soʻngida musulmon olamida islom niqobi ostidagi aqidaparastlik guruhlaridan tashqari yana bir tahdidning yangi qatlami namoyon boʻldiki, u ham boʻlsa mazhabcsizlikka chaqiruvchilar toifasidir. Harakat tarafdorlarining daʼvosicha, Islomda unga eʼtiqod qiluvchi shaxs uchun sunniylikdagi toʻrt yoki undan boshqa fiqhiy mazhablarning biriga ergashishlik shart qilinmagan. Agar musulmon shaxs, biror sharʼiy masalada ulardan birining yoʻlini oʻziga lozim tutsa, u koʻr-koʻrona taqlid qilgani uchun xatokor, mutaassib, dinidan ajralgan firqa va guruhlardagi shaxslar kabi adashadi. Mazkur toifaga kiruvchi shaxslar islomga amal qilishning asosida faqatgina Kitob (Qurʼon) va sunnat turishi lozimligini taʼkidlashadi. Ularning fikricha, bu ikki manba xatolardan xoli. Ammo fiqhiy mazhablarga ergashish esa, kitob va sunnat taʼlimotidan koʻra, koʻproq shaxslar ijtihod (fikr)lariga taqlid qilinishi bilan tavsiflanadi. Bu esa, xatoga yoʻl qoʻyish va nuqsonlardan xoli boʻlishni toʻliq kafolatlay olmaydi. Qolaversa, islomdagi fiqhiy mazhablar hijriy III asrdan soʻng paydo boʻlganligi eʼtiboridan, bidʼat ishlardan sanalib, sunnat taʼlimotiga koʻra har bir dinga kiritilgan yangilik shubhasiz zalolatga mahkumdir. Sahobai-kiromlarning barchasi ham Allohning kitobi va Rasululloh (s.a.v.)ning sunnatigagina murojaat qilganlar. Ular biror-bir masalada Qurʼon va sunnadan dalil topolmay qolgandagina ijtihodga qoʻl urganlar. Bu esa, asosiy eʼtibor qaratiladigan va ergashiladigan holat. Shuning uchun ham mazhab tutish yoki biror-bir mujtahid imomga taqlid qilish Allohni qoʻyib ularni “Iloh” qilib olish, deya baholangan. Oʻzlarini islom dinining fidoyilari deb eʼlon qilayotgan bu toifa tarafdorlari Qurʼon va sunnat turganda fiqhiy mazhablarga ergashish aynan musulmonlar oʻrtasida ixtiloflar paydo boʻlishiga zamin yaratilishi va bu ularning birligiga rahna tugʻdirayotganligi, deb jar solishmoqda. Aslidachi?! Aslida, mazhabsizlik daʼvosini yoyishning oʻzi ixtilof manbai boʻlib, Islom dini, xususan musulmonlar birligiga ulkan tahdid tugʻdiradigan omil ekanligiga shubha yoʻq. Ular oʻzlarini mazhabsiz deb daʼvo qiladilar-u, aslida oʻzlari ham namoz va boshqa ibodatlarda oʻsha toʻrtta mashhur mazhab imomlaridan biriga ergashadi. – Ijtihod qilishga hamma-ham qodir boʻla olmaydi. Chunki, bu ishni qilish uchun sharʼiy dalillardan hukmlarni istinbot qilishga yetarli darajada aqliy quvvat kerak. Bu malakani Alloh taolo hammaga ham bergan emas. Lekin ular bir ikki masalalarda ixtilof qilib: “Mazhab degan narsa Rasululloh (s.a.v.)ning davrlarida boʻlmagan, biz ularga emas, Alloh va rasuliga ergashamiz”, deydilar. Agar malakasi yoʻq boʻlgan kishini ijtihod qilishga buyurilsa, unga qudrati yetmagan ishni yuklatilgan boʻladi. Shariatda esa, bunday qilish joiz emas. Zotan, Alloh taolo aytadi:

“Alloh hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmas” (Baqara, 286).

Mujtahid boʻlish uchun kerakli ilmlarni talab qilish uzoq vaqt davom etadi. Agar barcha odamlar bu ish bilan mashgʻul boʻlsalar, yashash uchun zarur boʻlgan boshqa ishlarni kim qiladi?! Hammaning ittifoqiga sazovor boʻlgan katta mujtahidlardan keyin ijtihod eshigi yopilgan va ijtihod qilish mumkin emas, degan gapga javob quyidagicha: Toʻgʻri, baʼzi ulamolar oʻz zamonlarida shariat va ijtihod ishlarida sifatsizlik avj olgani, hamma oʻz fikrini oʻtkazishga harakat qilgani uchun hijriy uchinchi asrning oxirida “Ijtihod eshigi yopilgan” degan gapni tarqatishgan va shu yoʻl bilan har xil gʻarazgoʻylarning shariatni oʻyin qilishlariga chek qoʻyishgan. Ammo, shariatda ijtihod qilish maʼlum zamonga va shaxslargagina farz boʻlgan degan tushuncha paydo boʻlmasligi kerak. Shunga qaramasdan hozirgi davrda imom Abu Hanifa, imom Shofeʼiy, imom Molik va imom Ahmad ibn Hanbalga oʻxshash mujtahidlar yoʻqligiga hamma ittifoq qilgan. Mujtahidlik daʼvosini qilgan yoki qilayotgan, yoxud falonchi mujtahid, deb aytayotgan ahli ilm yoʻq. Bunday boʻlishi qiyin ham. Ammo mazhab ichida, yangi paydo boʻlgan masalalarni hal qilishda hamda fatvoda ijtihod sodir boʻlib turibdi. Oʻta muhim fiqhiy savol boʻyicha mustaqil qaror chiqarish, ijtihod qilish huquqi ularga xosdir.

Ta’lim muassasasi o‘qituvchisi:                 S. Amonova 

Izoh qoldirish