Islom mo'tadil din
Islom dini mo‘'tadil din bo‘lib, u faqat bunyodkorlikni xohlaydi, vayron qilishni emas, jamiyatni birlashtiradi, firqalarga bo‘lmaydi, insonlarni sevadi, ularni yomon ko‘rmaydi. Bu din o‘zbek xalqi va boshqa xalqlar uchun Allohning rahmatidir. Bu Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning siyratlari va U zotning risolatlaridir. Alloh taolo Qur'oni karimda “(Ey, Muhammad!) Biz Sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz” (Anbiyo, 107), degan.
Alloh taolo islom ummatini boshqa ummatlar ichida o‘rta ummat qilgan. Bu haqda Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:
“Shuningdek, sizlarni (musulmonlarni boshqa) odamlarga (ummatlarga) guvoh bo‘lishingiz va Payg‘ambarning sizlarga guvoh bo‘lishi uchun “o‘rta ummat” qilib qo‘ydik” (Baqara surasi, 143-oyat).
Oyati karimadagi “o‘rta ummat”ning ma’nosi adolatli, eng yaxshi va turli fazilatlarga ega bo‘lishdir.
Alloh taolo o‘z o‘rnida Ahli sunna val jamoa (mashhur to‘rt mazhab ergashuvchilari)ni boshqa islomiy firqalar ichida vasatiylik-moʻtadillik bilan ajratib qo‘ydi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deydilar:
“Ummatimdan bir toifa haqda zohir bo‘lgan hollarida davom etarlar, ularni tark qilgan kishi ularga zarar keltira olmas. Allohning amri kelgunicha ular o‘sha holda bo‘lurlar” (Imom Muslim rivoyatlari).
Xulosa qilib aytganda, аhli sunna val jamoa ham din ishlari: e’tiqod, ilm, amal va axloqda moʻtadildir. Sog‘lom fikrli inson yaxshi anglaydiki, Islom dini ta’limotida moʻtadillik g‘oyasi yotadi va unga ergashish insoniyatni hech qachon zalolatga boshlamaydi. Zero, moʻtadillik bu – haddan oshish yoki sustkashlikka yo‘l qo‘yish, qattiq olish yoki o‘ta bo‘sh qo‘yib yuborish o‘rtasida bo‘lib, mana shu muvozanatni saqlagan kishi to‘g‘ri yo‘ldan adashmaydi.
Zero, mo‘tadillik bu – haddan oshish yoki sustkashlikka yo‘l qo‘yish, qattiq olish yoki o‘ta bo‘sh qo‘yib yuborish o‘rtasida bo‘lib, mana shu muvozanatni saqlagan kishi to‘g‘ri yo‘ldan adashmaydi.
Dindagi mo‘tadillik e'tiqod, amal, ilm va axloqda Qur'oni karim, hadisi shariflar va ulamolarning so‘zlarini mahkam ushlash bilangina yuzaga chiqadi.
Biz vasatiya-mo‘tadillikni yaxshi tushunish uchun g‘uluv (haddan oshish) va kamchilikka yo‘l qo‘yish masalalarini yaxshi bilib olishimiz kerak. Chunki mo‘tadillik mana shu ikki nuqsonli ish o‘rtasida bo‘ladi.
Qur'oni karimda dunyo va oxirat ishlarini birga olib borish haqida shunday deyiladi:
“Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni ham unutmagin” (Qasos surasi, 77-oyat).
Amalda haddan oshishdan ham ko‘ra, e'tiqodda g‘uluvga ketish yomonroqdir. Masalan, payg‘ambarlarni haddan tashqari ulug‘lash natijasida ularni iloh darajasiga ko‘tarish yoki Xudoning o‘g‘li, deyish ham dinda haddan oshishdir. Bu haqda Alloh taolo shunday deydi:
(النساء: 171) “Ey, ahli kitoblar! (Isoni ilohiylashtirib) diningizda haddan oshib ketmangiz! Alloh (sha'ni)ga esa faqat haq (gap)ni aytingiz!” (Niso surasi, 171-oyat).
Bu oyati karimadan tushuniladiki, ahli kitoblarning bir toifasi Iso alayhissalomni hurmatlab, iloh darajasiga ko‘targan bo‘lsa, ba'zilari u zotni o‘ldirganliklarini da'vo qiladilar. Musulmonlar esa o‘rta yo‘l tutib, Iso alayhissalomni Allohning bandasi va payg‘ambari deb e'tiqod qiladilar.
Alloh taolo halol qilgan narsalarni o‘zi yoki o‘zgalarga harom qilish ham e'tiqodda haddan oshishning bir turidir. Bu o‘rindagi mo‘tadillik Alloh va Rasuli halol qilgan narsalarni halol deb bilish, harom qilgan narsalarni esa harom deb bilish bilan bo‘ladi. Bu haqda Qur'oni karimda shunday deyiladi:
: “Ayting: «Bandalari uchun chiqargan Allohning ziynatini va pok rizqlarni kim haromga chiqardi?» Ayting: «U (ziynat va pok rizqlar) bu dunyoda imon keltirganlar (va boshqalar) uchun, qiyomat kunida esa, xolis (mo‘minlarning o‘zlari uchun bo‘lur)». Shunday qilib, oyatlarni biladigan qavmlarga mufassal bayon qilurmiz” (A'rof surasi, 123-oyat).
Luqmoni Hakim o‘g‘liga nasihat qila turib hatto yurish turishda ham o‘rtachalik yaxshi ekanini uqtiradilar. Bu haqda Qur'oni karimda shunday deyiladi:
“Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki, Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas”.
“(Yurganingda) o‘rtahol yurgin va ovozingni past qilgin! Chunki ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir” (Luqmon surasi, 18-19-oyatlar).
Dinimizda xayru ehson ishlarida ham mo‘tadillik targ‘ib qilinadi. Bundagi afzal holat baxillik va isrofning o‘rtasidir. Bu haqda Qur'oni karimda shunday deyiladi:
: “(Baxillik qilib) qo‘lingizni bo‘yningizga bog‘lab ham olmang. (Isrofgarchilik qilish bilan) uni butunlay yoyib ham yubormang! Aks holda, malomat va mahrumlikda o‘tirib qolursiz” (Isro surasi, 29-oyat).
“Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, (tutgan yo‘llari) buning o‘rtasida – mo‘tadildir” (Furqon surasi, 67-oyat).
Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamning hayotlari ham mo‘tadillikka asoslangan edi. U zot hech qachon ummatlarini og‘ir mashaqqatli ibodatlarga buyurmas, balki ba'zi amallar ummatga farz bo‘lib qolishidan xavf qilib, u amallarni gohida tark qilardilar. U zotning sunnatlari oson va yengil, mashaqqatsiz bajariladigan amallar edi. U zot alayhissalom ummatining eng zaif toifalarini ham e'tiborga olib yo‘l tutardilar. Zaif toifalardan sog‘lom, kuch-quvvatga to‘lganlarning vazifalarini talab qilmasdilar. Mo‘tadillik mavzusida U zot shunday deydilar:
“Albatta din osondir. Kimki unda chuqur ketsa, din uni mag‘lub qiladi”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ya'ni odam o‘zini haddan ortiq qiynab, farz va sunnatlardan tashqari toqatidan ortiq ibodatlarga majburlasa, oxirida malollanib, ojiz qolib hammasini tashlab qo‘yadi.
Payg‘ambarimiz alayhissalom dinda g‘uluvga ketishdan ogohlantirib shunday deydilar:
“Ey, odamlar! Dinda haddan oshishdan ehtiyot bo‘linglar! Chunki sizdan avvalgilarni dinda haddan oshish halok qilgan” (Ibni Moja rivoyatlari).
Quyidagi hadisi sharif ham mo‘tadillikka yaqqol misoldir: “Uch kishi Nabiy sallallohu alayhi va sallamning uylariga kelib, biri: “Men tuni bilan namoz o‘qiyman”, dedi. Keyingisi: “Har kuni ro‘za tutaman”, dedi. Oxirgisi: “Men hech qachon uylanmayman”, dedi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Allohga qasam, men sizlardan ko‘ra taqvodorroqman. Lekin men ro‘za ham tutaman, iftor ham qilaman (ro‘za tutmagan kunim bo‘ladi), kechasi namoz ham o‘qiyman, uxlayman ham va uylanaman. Bas, kim mening sunnatimdan yuz o‘girsa, u mendan emas”, dedilar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilganlar).
Dinda haddan oshishning yana bir ko‘rinishi musulmonlarni o‘zidek fikrlamagani yoki o‘ziga qo‘shilmagani uchun kofirga chiqarishdir. Bu holat Islomning avvalidan yuzaga chiqqan va hozirgacha yetib kelayotgan katta musibatdir. Takfirchi jamoatlar ko‘pchilik musulmonlarni kofir sanab, ularning qonini halol sanashdi. Natijada musulmonlarga qarshi urush ochib, ularning qonini to‘kishdi. Oxiri o‘zlari ham mag‘lub bo‘lgan bo‘lsalarda, ijtimoiy tarmoqlarda in qurib olib, turli g‘uluvga yo‘g‘rilgan fatvolarni chiqarib turishibdi. Bu ularning aynan biz o‘rganayotgan mavzu – mo‘tadillik masalasini bilmasligi yoki bilishni xohlamasligi sabablidir. Afsuski, ularning ana shunday botil fatvolariga amal qiladigan, ularga ergashadigan, aldangan musulmonlar topilib turibdi. Ularga quloq solib, fitna o‘choqlariga borganlarning pushaymon bo‘lib musulmonlarga murojaat qilayotganini eshitib turibmiz. Ular internetdagi qo‘shtirnoq ichidagi fatvo berayotganlarning aldovga mutlaqo ishonmaslik kerakligi, voqe'likda esa holat ular aytganidek emasligini aytmoqdalar. Vaqt o‘tishi bilan takfirchi to‘dalarning aldov va jinoyatlari xalqqa yanada ko‘proq oshkor bo‘ladi. Alloh taolo bunday adashishdan o‘zi asrasin! Bu o‘rinda haddan oshish shuki, musulmon kishi dinga qaysi yo‘l bilan kirib kelgan bo‘lsa, o‘sha yo‘l bilan undan chiqadi. Ya'ni, u islomga imon keltirib kirib keladi. Faqat va faqat ana shu imonidan qaytsagina dindan chiqadi. Lekin kimlarnidir fikriga, g‘oyasiga yoki Islom olamida tan olinmagan “hijrat va jihodi”iga qo‘shilmagani uchun kofir bo‘lib qolmaydi.
•Ta'lim muassasasi mudarrisasi A. Jamilova.
Izoh qoldirish