12.05.2023

Ahli sunna val-jamoa

Ko‘pchilikka ma’lumki, dinimizni asosini ikki katta ilm: aqoid va fiqh ilmlari tashkil qiladi. Fiqh ilmi shariatimizdagi ibodat, insonlar orasidagi o‘zaro munosabat va muomalat, shuningdek, ularning hukmi borasidagi ilm bo‘lsa, aqoid ilmi Allohni va u Zotning buyruqlariga qanday ishonish, e’tiqod qilishni o‘rgatadigan ilmdir. Qiyoslash kerak bo‘lsa, bu ikki ilm qushning ikki qanotiga o‘xshaydi. 

Aqida ilmi islom dinining asosini tashkil etadi. U to‘g‘ri bo‘lmasa, qilingan ibodatlar Alloh dargohida ijobat bo‘lmaydi. Payg‘ambarimiz Rosululloh sollallohu alayhi vasallam qiyomatga qadar ummatlari yetmish uch firqaga bo‘linib ketishi haqida hadislarida bashorat berganlar. 

"افْتَرَقَتْ الْيَهُودُ عَلَى إِحْدَى وَسَبْعِينَ فِرْقَةً فَوَاحِدَةٌ فِي الْجَنَّةِ وَسَبْعُونَ فِي النَّارِ وَافْتَرَقَتْ النَّصَارَى عَلَى ثِنْتَيْنِ وَسَبْعِينَ فِرْقَةً فَإِحْدَى وَسَبْعُونَ فِي النَّارِ وَوَاحِدَةٌ فِي الْجَنَّةِ وَالَّذِي نَفْسُ مُحَمَّدٍ بِيَدِهِ لَتَفْتَرِقَنَّ أُمَّتِي عَلَى ثَلاثٍ وَسَبْعِينَ فِرْقَةً وَاحِدَةٌ فِي الْجَنَّةِ وَثِنْتَانِ وَسَبْعُونَ فِي النَّارِ" قِيلَ: يَا رَسُولَ اللَّهِ مَنْ هُمْ قَالَ: "الْجَمَاعَةُ"

(رواه الإمام ابن ماجة عَنْ عَوْفِ بْنِ مَالِكٍ رضي الله عنه)

Hadisning o‘zbek tilidagi ma’nosi quyidagicha:

“Yahudiylar yetmish bir firqaga bo‘lindilar. Ularning bittasi jannatda, yetmishtasi do‘zaxda. Nasorolar yetmish ikki firqaga bo‘lindilar. Ularning yetmish bittasi do‘zaxda, bittasi jannatda. Muhammad (sollallohu alayhi vasallam)ning joni qovlida bo‘lgan Zotga qasamki, shubhasiz, mening ummatim yetmish uch firqaga bo‘linadilar. Ularning bittasi jannatda, yetmish ikkitasi do‘zaxdadir”. Shunda: “Ey, Allohning rasuli! U bittasi kimlar?”, deyildi. Rasululloh alayhissalom: “Ular jamoadir”, dedilar (Imom Ibn Moja Avf ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilganlar).

Hadisni muhaddislar turlicha sharhlaganlar. Lekin, aniq narsa shuki, musulmon ummati yetmish uch firqaga bo‘linadi. U bo‘linish qiyomatga yaqin bovladimi, qiyomat alomatlari sifatida yuzaga keladimi yoki Nabiy sollallohu alayhi vasallamdann so‘ng bo‘ladimi, bunisi haqida fikrlar va sharhlar turlidir. Aniq bashorat ovsha yetmish uch firqa qiyomatga qadar chiqishi. Ulamolarimiz hadisdagi “jamoat”dan murod Ahli sunna val jamoa yo‘nalishi nazarda tutiladi, deganlar. Insonlar e’tiqodda toyilib ketishlari jihatidan do‘zaxda deyilgan. Ba’zi bir sharhlarda aytilishicha, sahobalar: “Nima u, o‘sha yetmish uchtadan qaysinisi najotga erishadi” – deb so‘rashganda, Nabiy alayhissalom: “Bugun Men va mening ashobim tutgan yo‘lni tutganlar” – deb marhamat qilganlar. Bu Imom Termiziy rivoyati. 

“Ahli sunna” degani sunnat yovlini ushlaganlar, tutganlar. “Val-jamoa”ni ma’nosini ulamolar musulmonlarning katta jamoasi deyishgan. Ushbu hadisi sharifda faqat bitta jamoa to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishmasdan najot topishlari xabari berilgan. Bu hadisdan tushiniladigan yana bir ma’no shundaki, qolgan iymon keltirgan yetmish ikki firqa do‘zaxda abadiy qoladi degani emas. Demak, hadisdan xulosa qilib aytsak, amallardan tashqari e’tiqod ham musulmon kishi hayotida muhum ahamiyatli narsadir. Aqidasi e’tiboridan ham kishi jannat ahli yoki do‘zax ahlidan bo‘lib qolishi mumkin ekanini bilamiz. Shunday ekan, e’tiqodda adashmaslik va to‘g‘ri yo‘lda bo‘lish biz musulmonlar uchun ham zarur hisoblanadi.

Ta'lim muassasasi mudarrisasi A.Jamilova

Izoh qoldirish