17.04.2023

HAYIT NAMOZI

HAYIT NAMOZI

Hayit namozini oʻqish Imomi Azam Abu Hanifa nazdida vojibdir. Chunki, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam uni doim oʻqiganlar, aslo tark qilmaganlar. Imom Molik va Imom Shofiiy nazdida sunnati muakkadadir. Imomi Ahmad boʻlsa, farzi kifoya deydilar.

Hayit namozi ikki rakat boʻlishi Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam davrlaridan beri kelayotgan odat.

Oʻqilishi tartibi:
Bizning mazhabimizda ikki hayit namozi ham quyidagicha oʻqiladi:

Hayit namoziga niyat qiladi. Niyat dildan qilinadi. Ramazon hayiti yoki Qurbon hayitini oʻqishga va imomga iqtido qilishga dilidan va tili bilan ham niyat qiladi.

Imom orqasidan takbiri tahrima aytadi. Qoʻl koʻtarib takbir aytgandan soʻng, qoʻlni qovushtirib turib, sano oʻqiladi. Chunki, sano takbiri tahrima izidan qilinadigan eng birinchi amaldir.

Keyin imom bilan birga, uning orqasida qoʻllarni koʻtarib uch marta takbir aytadi.

Imom keyin qiroat qiladi, u bilan qoʻshilib, takbir aytib rukuga boradi va sajdalarni bajaradi.

Soʻng ikkinchi rakatga turganda imom boshlab qiroat qiladi. Qiroatdan keyin imom bilan yana uch marta takbir aytadi. Takbirda qoʻllar koʻtariladi.

Toʻrtinchi takbirda qoʻl koʻtarmasdan imom orqasidan rukuga boriladi. U bilan birga sajdalarni ado qilinadi.

Sajdalardan so'ng qadada oʻtirib, attahiyyot, salovot va duolar oʻqib, imom bilan salom beradi.

Mana shu har rakatdagi uchtadan qilinadigan takbirlar hayit namozining vojiblaridan sanaladi. Baʼzi ulamolarimiz hayit namozlarining rukuga ketishdagi takbirlarini ham vojib, deganlar.

Hayit namozlaridagi ortiqcha takbirlarni aytish vaqtida qoʻllar quloq barobariga koʻtariladi, oralarida qoʻllar ikki yonga tushirib turiladi. Imom qiroat qilayotganda esa qoʻllar taʼzim uchun kindik ostida qovushtirib turiladi.

Har rakatda uch takbir alohida aytilishi Abu Muso al-Ashariy, Huzayfa ibn al-Yamon, Abdulloh ibn Masud kabi buyuk sahobalar tomonidan tasdiqlangan. Buning xabari Ahmad, Abu Dovud, Abdurrazzoq, Ibn Abi Shayba va Muhammad ash-Shayboniy kabi muhaddislar tomonidan rivoyat qilingan.

Boshqa mazhablarda esa takbirlar koʻproq aytiladi. Imom Shofiiy nazdida birinchi rakatda takbiri tahrima va ruku takbirlaridan boshqa yetti takbir, Imom Molik va Imom Ahmadda shular bilan birga yetti takbir; ikkinchi rakatda esa ruku` takbiridan boshqa besh takbir aytiladi.

Izoh qoldirish

Izohlar