Ilmsiz fatvoga shoshilish
Islom dinining ulug`ligi, muqaddasligi bor. Uni hurmatsiz qilish ham, nuqson yetkazish ham joiz emas, uni o`zgartirib bo`lmaydigan va almashtirilmaydigan hukmlari, qonun va qoidalari bor. Uni barpo etish o`rniga buzadigan so`zlarni qachon aytilganiga qaramasdan noyob fatvolarni tarqatish Shariat va hukmlarining muqaddasligini buzish hisoblanadi.U dinni buzib, chalkashlik va fitna qo`zg`atadi, aql, ilm va dinda zaif kimsalarni vasvasaga soladi, sababi u haqiqatni botil timsolida ko`rsatadi, botilni esa haqiqat timsolida namoyon qiladi.
Imom Molik rahimahulloh aytadilar: “Bir kishi menga Robiya ibn Abu Abdurrahmon[1]ning oldiga kirganini va uni yig`layotgan holda ko`rganini aytdilar va unga: “Seni nima yig`latayapdi?” dedilar. Boshingizga musibat keldimi? U zot Yo`q, ilmsiz kishidan fatvo so`raldi va dinda juda katta yomon ishlar bo`lyapdi” dedida, so`ng “bu yerda fatvo berayotganlarning ba’zilari qamoqqa o`g`rilardan ko`ra munosibroqdir” dedilar.
Ilmsiz fatvo berishga shoshilish va Alloh taolo haqida o`rinsiz gapirish, tuhmat, uydirma, sahih dalillarga zid bo`lgan so`zlarni olish, zarracha tushunchaga ega bo`lgan kishiga yashirin bo`lmagan zaif, mansux[2] va rad qilingan dalillarga suyanadigan juda kam uchraydigan gaplarga ergashish katta xavf-xatarlardandir.
Qachonki qizg`in va jamoat masalalariga ilmsiz va mulohaza yuritmasdan muhokama qilib sho`ng`ib ketish, islomga zid va ulamolar yomon sanagan narsalarni keltirib chiqarib, uni islomdan deb aytish xatarni yanada kuchaytiradi.
Sahnun ibn Said rahimahulloh aytdilar: “Fatvo berishga eng jasur kishilar bilimi past bo`lganlardir”. Ibn Vahb aytadilar: “Men Molik roziyallohu anhuning shunday deganini eshitdim: “Fatvoda shoshqaloqlik nodonlik va buzilishdir”. Imom Molik rahimahulloh aytdilar: “Men fatvo berishga loyiq bo`laturib, toki yetmishtasi menga guvohlik bermagunicha fatvo bermadim.” Ya`ni ilm ahlidan yetmishtasi degan edi. Abdurrahmon ibn Mahdiy: “Biz Molik bilan birga edik, bir kishi uning oldiga keldi va u: “Ey Abu Abdulloh, men senga olti oylik masofali safardan keldim”, yurtimning ahli meni senga bu haqda so`rashimni buyurdi” dedi va savolni so`radi. Imom Molik rahimahulloh: “Bilmayman”, dedilar, shunda u kishi hayratda qoldi! Va dedi: Agar men o`z yurtimning odamlariga qaytib kelsam, ularga nima deyman? degan edi, Imom Molik rahimahulloh: “Siz ularga Molik: “Bilmayman” dedi, deb ayting deb javob qildilar.
Al-Marvaziy aytadilar: “Men Abu Abdulloh Ahmad ibn Hanbalning: “Banda Allohdan qo`rqsin, nima aytayotganini va nima gapirayotganini qarasin, chunki u mas’uldir”, deganini eshitdim”.
O`tgan solihlardan ba’zilari aytadilar: (Sizlardan biringiz: "Alloh falon narsani halol qildi, falon narsani harom qildi", deyishdan saqlansin. Agar u shunday desa Alloh taolo unga: “Yolg`on aytding. Men falon narsani halol va falon narsani xarom qilmadim”, deydi va “Allohga nisbatan yolg`on to`qish uchun tillaringiz vasf qilgan yolg`onni gapirib: “Bu halol bu harom”, deyavermanglar. Albatta Allohga yolg`on to`quvchilar najot topmaslar. Ularga ozgina matoh va alamli azob bor”. Nahl surasi 116-117-oyatlar.
“Sen: Robbim faqatgina oshkora va yashirin fahsh ishlarni, gunohlarni, nohaq tajovuzkorlikni va Allohga hech qanday hujjat tushurmagan narsalarni shirk qilib olishingizni hamda Allohga nisbatan bilmagan narsani aytishni harom qilgan xolos”, deb ayt.” A’rof surasi 33-oyat.
Adashgan g`oyalar, noto`g`ri e`tiqodlar, buzuq gaplar faqat olimlar bilan o`tirishni, ulardan ilm olishni tark etish va ilmsiz, havoi nafsiga ergashganlardan fatvolar olishdan kelib chiqadi.
Abdulloh ibn Amr ibn ul-Os roziyallohu anhumolardan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar: “Alloh odamlar orasidan ilmni tortib olmaydi. Lekin ilmni olimlarni vafot qildirish bilan oladi hatto bironta olim qolmaydi. So`ng odamlar johil rahbarlarni o`zlariga boshliq qilishadilar va ulardan fatvo so`rashadilar. So`ng ular ilmsiz fatvo beradilar, adashadilar va yo`ldan adashtiradilar”.
Imom Shotibiy rahimahulloh ular haqida shunday degan: “Ba`zan, ular xalqni ahli sunna val jamoadan uzoqlashtirish uchun o`zlarining fatvolarini xalqning qulog`iga quyib ularnining so`zlarini eshitishni yomon ko`rsatdilar”.
Xulosa qilib atadigan bo`lsak, yuqorida o`tgan oyat va hadislardan ham ko`rinib turibdiki, fatvo berishda ko`p jasorat ko`rsatmaslik, imkon qadar undan inson o`zini saqlashi va biron masala so`ralganda u masalani o`z ahlidan so`ramasdan unga fikr bilan javob aytishni oqibati va jazosi juda og`ir bo`lishidan qo`rqishimiz va saqlanishimiz lozim. Shuningdek, g`ayrioddiy fatvolardan ehtiyot bo`lishimiz, fazilatli va ilm ahli bo`lgan ulamolarimizni e’zozlashimiz va ulardan ilm olishimiz kerak bo`ladi. Chunki, mana shunday tadbirli bo`lishimiz katta fitnalardan omonda bo`lish yo`lidir.
Ta'lim muassasasi o'qituvchisi M.Mirzayeva
Izoh qoldirish