JAHOLATGA QARSHI MAʼRIFAT BILAN YUZLANAMIZ.
Taassufki, bugun ayrim kimsalar xorijdan turib, internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali yurtimiz haqida haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan, asossiz maʼlumotlarni, turli igʻvolarni tarqatmoqda. Bunday axborot xurujlaridan maqsad odamlarni halovatsiz qilish, qalbiga gʻulgʻula solish, ertangi kunga, mamlakat kelajagiga ishonchsizlik uygʻotishdan iborat.
Aniqki, bunday qora niyatli kishilar oʻz chirkin muddaolariga aslo erisha olmaydi. Chunki ularning daʼvolari soxta, iddaolarining magʻzi puch. Qalb koʻzi ochiq, bilimi bor, dunyodan xabardor kishi borki, buni tezda yaqqol anglaydi.
Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, bugungi Oʻzbekiston — kechagi Oʻzbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas…
“Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” degan daʼvatkor gʻoya hayotimizga tobora chuqur kirib bormoqda. Biz ayni shu asosda xalqimiz hayotini tubdan yaxshilash, inson huquq va erkinliklari, qonun ustuvorligi va ijtimoiy adolatni taʼminlash, innovatsion taraqqiyot borasida muhim qadamlarni qoʻymoqdamiz.
Xalqimiz bagʻrikeng, yaxshilikni qadrlaydi, jonajon Vatanimizni sevadi. Zotan, bu fazilatlar ajdodlardan avlodlarga, qondan-qonga oʻtib, milliy qadriyatga aylanib ketgan.
Shu bilan birga, muqaddas kitoblarimizda, hadisi shariflarda, mutafakkir bobolarimiz oʻgitlarida vatanparvarlik, mardlik, jasorat ulugʻlanadi.
Kishining oʻz yurtiga mehr-muhabbatli boʻlishiga targʻib qilib, Imom Muhammad Gʻazzoliy rahmatullohi alayhi shunday deganlar: “Inson oʻz tugʻilib oʻsgan yerini va undagi narsalarni, garchi u joy odam yashamaydigan sahro boʻlsa ham, yaxshi koʻradi. Vatanga boʻlgan muhabbat — inson qalbidagi tugʻma tabiatdir. Bu narsa insonni Vatanida boʻlganida xotirjam, musofirlikda sogʻinadigan, unga hujum qilinganda himoya qiladigan, hurmatsizlik qilinganda gʻazablanadigan qilib qoʻyadi”.
Vatanni sevishimizga bir qancha sabablar bor. Jumladan, Alloh taolo taqdirimizni shu yerga bitdi. Shu Vatanda tugʻilib oʻsdik, tarbiya topdik. Ona yurtda qarindoshlarimiz, yaqinlarimiz yashaydi.
Shuning uchun ham kishi oʻz yurtidan uzoqlashganda, uni qoʻmsaydi va sogʻinadi. Islom tarixidan maʼlumki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oʻz vatanlari Makkai mukarramani yaxshi koʻrar edilar. U Zot yolgʻiz Allohga imon keltirishga daʼvat qila boshlaganlaridan soʻng Makka mushriklarining zulmlari haddan oshib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning jonlariga qasd qilish darajasiga borganlaridan soʻnggina Allohning buyrugʻiga binoan, Makkadan chiqib ketishga majbur boʻldilar. Chiqish vaqti kelganida, koʻzlariga yosh oldilar, koʻngillari boʻshab, Makkaga qarab bunday dedilar: “(Ey Makka), sendan koʻra menga sevimliroq va suyukliroq shahar yoʻq! Agar qavmim meni sendan chiqarmaganida, aslo sendan boshqa joyni makon tutmasdim” (Imom Termiziy rivoyati).
Demak, biz ham Vatanimizni jon dildan sevishimiz, unga chetdan otilgan toshni koʻkragimizga tekkandek his qilishimiz, tuhmatchi va igʻvogarlarga asosli javoblarni berishimiz kerak.
1-kur talabasi
Rahmonova Fotima
Izoh qoldirish