06.03.2023

Mulk surasi

Abu Hurayra rodiyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Allohning Kitobida bir sura bor. Uning oyatlari oʻttizta. U sohibini to magʻfirat qilingunicha shafoat qiladi. «Tabarokallazi biyadihil Mulk”, dedilar».


Makkada nozil boʻlgan boshqa suralar kabi bu sura ham aqida mavzusining aslini muolaja qiladi.

“Mulk” surasi uchta asosiy maqsadni oʻz ichiga olgan:

1. Allohning azamati, U Zotning tiriltirish va oʻldirishga qodirligi.

2. Tangrining yagonaligiga dalil va hujjatlar keltirish.

3. Qiyomatga va oʻlgandan soʻng qayta tirilishga ishonmaydiganlarning oqibati nima boʻlishi.

Shuning uchun ham bu suraning fazli ulugʻ boʻlgan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam uni maqtaganlar va uni qiroat qiladiganlarga ushbu hadisdagi kabi koʻp narsalarni vaʼda qilganlar.

Bu surai karima oʻz sohibini to u magʻfirat qilingunicha shafoat qilgani uchun “Shafoatchi” deb ataladi. Shuning uchun ham bizning diyorlarimizda uni dafndan keyin qabr ustida oʻqish odatga aylangan.

Jobir rodiyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam «Alif, Laam, Miym. Tanziyl…” va “Tabarokallazi biyadihil Mulk”ni qiroat qilmasdan uxlamas edilar».


Hozirda ham koʻpchilik musulmonlar “Mulk” surasini oʻqimasdan uxlamaslik haqidagi hadisi sharifga ogʻishmay amal qilib keladilar.

Imom Hokim keltirgan rivoyatda Abdulloh ibn Masʼud rodiyallohu anhu quyidagilarni aytadilar:
“Kishining qabriga uning oyoqlari tomonidan kelinadi. Shunda ularga:
«Sizlarga bu tarafdan yoʻl yoʻq! U surai «Mulk”ni qiroat qilar edi», deyiladi.
Soʻngra uning koʻkragi yoki qorni tomonidan kelinadi. Bas, ularga:
“Sizlarga bu tarafdan yoʻl yoʻq! U surai «Mulk”ni qiroat qilar edi», deyiladi.
Soʻngra uning boshi tomonidan kelinadi. Bas, ularga:
“Sizlarga bu tarafdan yoʻl yoʻq! U surai «Mulk”ni qiroat qilar edi», deyiladi.

Imom Nasaiy keltirgan rivoyatda esa:“Kim «Taborakallazii biyadihil mulk”ni har kecha qiroat qilsa, Alloh azza va jalla uning sababidan uni qabr azobidan man qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlarida uni “Man qiluvchi” deb nomlar edik», deyilgan.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam:“Mulk” surasi har bir moʻminning qalbida boʻlishini xohlardim», deganlar.

Koʻrinib turibdiki, bu surani davomli ravishda oʻqib borishimiz saodatimizni taʼminlar ekan. Hozirgidek qish kechalarida ham, boshqa fasllarning tunlarida ham “Mulk” surasini oʻqishni doimiy odatga aylantirishimiz zarur.

Tayyorladi: 3-kurs talabasi Nazirova N.
Mas'ul o'qituvchi: Ta'lim muassasasi hadis fani o'qituvchisi Bozorova M.

Izoh qoldirish