ISRO VA ME’ROJ
Isro va Me’roj voqeasi Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamga ko‘rsatilgan buyuk bir ilohiy lutf va inoyat edi. Bir-biriga ulanib ketgan bu ikki voqeaning har bir lahzasi, har bir nuqtasi o‘zining lisoni holi bilan Allohning aql bovar qilmas buyukligiga hamda Nabiy alayhissalomga ko‘rsatgani aql bovar qilmas izzatu ikromiga dalolat qilib turadi.
“Isro” so‘zi lug‘atda "kechaning bir qismida sayr qilish, yurish" degan ma’noni anglatadi. Shariatda esa Alloh taoloning kechalardan birida Hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallamni Masjidu-l-Haromdan Masjidu-l-Aqsoga sayr qildirishi “Isro” deb ataladi. Yana shuni ham ta’kidlab aytish lozimki, Isro hodisasi tush emas, ruhiy safar ham emas, balki Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ham jasadlari, ham ruhlari bilan qilgan safarlaridir. Agar tush yoki ruhiy safar bo‘ladigan bo‘lsa, bu voqeaning mo‘’jizaligi qolmas edi. Qur’oni karimda alohida Isro surasi ham bor.
“Me’roj” lug‘atda "yuqoriga ko‘tarilish", "zinapoya" ma’nolarini anglatadi. Shariatda esa Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Baytul Maqdisdan Sidratul Muntahoga – Allohning huzuriga ko‘tarilishlari “Me’roj” deyiladi.
Isro voqeasi Islom da’vati tarixidagi eng mashaqqatli va og‘ir damlarda sodir bo‘ldi. Bu davrga kelib, Muhammad sollallohu alayhi vasallam boshchiliklaridagi oz sonli musulmonlarga nisbatan mushriklarning ozorlari, qiynoqlari kuchaygan, ularni Allohning dinidan qaytarish yo‘lidagi chiranishlari haddidan oshgan edi. Musulmonlar uchun g‘oyatda qiyin bir holat paydo bo‘ldi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni mushriklarning hujumlaridan himoya qiladigan shaxslar – amakilari Abu Tolib va Hadicha onamiz ham vafot etgan edi. Ana shunday og‘ir bir paytda Isro va Me’roj hodisasi ro‘y berdi. Alloh taolo Payg‘ambar Muhammad sollallohu alayhi vasallamni Makkai mukarramadan kechasi bir zumda Baytul Maqdisga olib bordi va u yerdan Me’rojga olib chiqdi. Bu esa u zot sollallohu alayhi vasallam va musulmonlar uchun katta tasalli edi. Noumidlik kayfiyatini so‘ndirib, umid uchqunlarini alanga oldirish edi.
Ayni chog‘da, Isro voqeasi kishilar imonini sinashning omili ham edi. Har bir narsaga moddiy mo‘’jiza talab qilib turgan mushriklarga bu voqea ortiqcha gap-so‘zlar uchun yana bir qulay fursat bo‘lsa, mo‘min-musulmonman, deb yurganlarning esa imonlari qanchalik mustahkam ekanini sinash uchun zo‘r omil bo‘ldi. Qur’oni karimda Isro mo‘’jizasi Muhammad sollallohu alayhi vasallam uchun ilohiy hurmat, ulug‘ martaba ekani aytiladi, Alloh taoloning qudratiga dalil ekani tushuntiriladi.
“(O‘z) bandasi (Muhammad)ni, unga mo‘’jizalarimizdan ko‘rsatish uchun (Makkadagi) Masjidi Haromdan (Qudsdagi) Biz atrofini barakotli qilgan Masjidi Aqsoga tunda sayr qildirgan Zot pokdir. Darhaqiqat, U Same’ (eshituvchi) va Basir (ko‘ruvchi)dir”. (Isro surasi, 1-oyat). Oyati karimada Alloh taolo O‘zini O‘zi poklab yod qilmoqda va bandasi Muhammad sollallohu alayhi vasallamni isro qildirgani, ya’ni kechaning bir qismida sayr qildirgani haqida xabar bermoqda. Odatda Alloh taolo buyuk ishlarni zikr qilganda O‘zini poklab yod etadi, yoxud O‘z nomiga qasam ichadi.
Ibnul Qayyim aytadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Jabroil alayhissalom bilan birga Masjidul-Haromdan Baytul-Maqdisga Buroqda sayr qildirilganlar. Sayrga faqat ruhlari emas, jasadlari ham chiqqanligi to‘g‘riroq. O‘sha yerga tushib, buroqni masjidning halqasiga bog‘lab, payg‘ambarlarga imom bo‘lib namoz o‘qidilar. Keyin u kishi shu kechada Baytul-Maqdisdan dunyo osmoniga olib chiqib ketildilar. Jabroil alayhissalom eshikni qoqdilar va eshik ochildi. Bu osmonda insoniyat otasi Odam alayhissalomni ko‘rib, salom berdilar. Odam alayhissalom Muhammad sollallohu alayhi va sallamning payg‘ambarligini tan olib, “marhabo ey solih farzand, solih payg‘ambar!”, deya olqish bilan kutib oldilar. Alloh taolo u kishiga Odam alayhissalomning o‘ng tarafida baxtiyorlar ruhlarini, so‘l tomonida esa baxtiqarolarning ruhlarini ko‘rsatdi. Keyin u zot ikkinchi osmonga olib chiqildilar.
U yerda Yahyo ibn Zakariyo va Iso ibn Maryamni ko‘rib, ularga salom berdilar. Ular salomga alik olishib, payg‘ambarliklarini tan olishib, marhabo, deya iliq kutib olishdi. Keyin u zot uchinchi osmonga olib chiqildilar. U yerda Yusuf alayhissalom bilan ko‘rishdilar. U kishiga husn va chiroyning yarmi berilgan ekan. Keyin u zot to‘rtinchi osmonga olib chiqildilar. U yerda Idris alayhissalomni ko‘rib, salom berdilar. U kishi ham payg‘ambarliklarini tan olib, marhabo, deya qarshi oldilar. Keyin beshinchi osmonga olib chiqildilar. U yerda Horun ibn Imronni ko‘rib, salom berdilar. U kishi ham payg‘ambarliklarini tan olib, marhabo, deya peshvoz chiqdilar. Keyin oltinchi osmonga olib chiqildilar. U yerda Muso ibn Imronni uchratib, salom berdilar. U kishi ham payg‘ambarliklarini tan olib, “xush keldingiz!”, deya chiroyli kutib oldilar. Uning yonidan o‘tib ketgan paytlarida Muso alayhissalom yig‘ladilar. "Nima uchun yig‘layapsiz?" deyishganida, "Mendan keyin payg‘ambar bo‘lgan bolaning mening ummatimdan ko‘ra ko‘proq ummati jannatga kirarkan, deb yig‘layapman", deb javob berdilar.
Shundan so‘ng, U zot yettinchi osmonga olib chiqildilar. U yerda Ibrohim alayhissalomni uchratib, salom berdilar. U ham payg‘ambarliklarini tan olib, marhabo, deya iliq kutib oldi. Ibrohim alayhissalom yettinchi osmondagi al-baytu-l-ma’mur (obod uy) deb ataluvchi farishtalar tavof qiladigan Bayt devoriga suyangan holda o‘tirgan edilar. Ibrohim alayhissalom Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga mudom Allohni aybu nuqsonlardan poklab yod etish ya’ni tasbeh aytishni lozim tutishga chaqirdilar va tasbeh bu Jannat ko‘chatlari, Jannat o‘simliklari ekanligidan xabar berdilar. Jumladan, Ibrohim alayhissalom Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan Me’rojda ko‘rishganlarida shunday dedilar: “Ey Muhammad ummatingga mendan salom ayt, va ularga xabar berginki, Jannat zamini nihoyatda xush va yoqimli, suvi nihoyatda shirin joydir. Va u tekisliklardan iboratdir. Uning ekinlari va ko‘chatlari esa “subhonalloh”, “alhamdulillah”, “va laa ilaaha illallohu” va “Allohu akbar”dir”. Demak, Jannatdagi o‘z yerimizni o‘zimiz obod qilar ekanmiz. Buning uchun Allohni “subhonalloh”, “alhamdulillah”, “laa ilaaha illallohu” va “Allohu akbar” degan zikr va tasbehlar bilan mudom yodga olishimiz kerak ekan. Shunda har bir zikru tasbehimiz uchun Jannatdagi yerimizda bittadan daraxt, bittadan o‘simlik paydo bo‘lar ekan.
Al-Baytul-Ma’mur Samovot olamidagi maloikalar qiblasi bo‘lgan muqaddas uy, masjid bo‘lib, har kuni unga yetmish ming farishta kiradi, so‘ng yana qaytib kirmaydi. Bu Baytga bir marta kirgan farishtaning gali Qiyomatgacha kelmaydi. Bu ham bo‘lsa Alloh taoloning osmonlaru Yerda amru farmonini bajaruvchi farishtalari naqadar ko‘p va sonsanoqsiz ekanligiga dalolat qiladi.
Keyin u zot Sidratul-muntahoga ko‘tarildilar. “Sidratu-l-muntaho” “intiho sidri” degan ma’noni anglatadi. Sidr bu maxsus gulli o‘simlik yoxud daraxtning nomi. Uning bunday nomlanishiga sabab shu daraxtga yetagnda maxluqotlarning imkoniyatlari va ilmlari to‘xtaydi. Undan uyog‘iga o‘ta olmaydilar. Va undan uyog‘ini tasavvur qilolmaydilar. Uning mevalari Hajar (Madina yaqinidagi joy nomi) ko‘zalaridek, barglari esa fillarning quloqlaridek ekan. Uni zar kapalaklar (parvonalar) o‘rab olar, turli-tuman ranglar va nurlar chulg‘ab olar va har xil ko‘rinishda tovlanar, go‘zalligidan Allohning maxluqotlaridan hech kimsa uning vasfini keltirishga qodir bo‘lmas ekan.
Undan keyin esa Jannatga kirgizildilar. Jannatda inju-marvarid shodalari osilgan, tuproqlari mushkdan ekan.
U zot yana ko‘tarilib, hatto (yozayotgan) qalamlarning qitirlashi eshitiladigan o‘ringacha yetdilar. Keyin Buyuklikda tengi yo‘q Jabbor Zotning huzuriga ko‘tarildilar. Shunda U Zot bandasiga O‘zi istagan narsani vahiy qilib, unga ellik mahal namoz o‘qishni farz ayladi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qaytayotib, Muso alayhissalomning yonidan o‘tayotganlarida u kishi:
- Rabbingiz Sizni nimaga buyurdi, - deb so‘radilar.
- Ellik mahal namoz o‘qishga, - deb javob berdilar Rasululloh sollallohu alayhi va sallam
- Ummatingiz bunga toqat qila olmaydi, qaytib borib, ummatingiz uchun yengillatishini so‘rang.
Bu gapni eshitgan Rasululloh sollallohu alayhi va sallam maslahat so‘ragandek Jabroil alayhissalomga qaradilar. U zot ham istasangiz shunday qilishingiz mumkin, degandek ishora qildilar. Shu bilan u kishini Jabroil alayhissalom yana Jabbor Zotning qoshiga olib chiqdilar. So‘ng Alloh o‘n mahalini olib tashladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tushayotib, Muso alayhissalomning yonidan o‘tdilar va bo‘lgan gapni aytib berdilar. U kishi, yana qaytib borib, yengillatishini so‘rang, dedilar. Shunday qilib, u zot Muso alayhissalom bilan Alloh azza va jalla o‘rtasida to U Zot namozlarni besh mahalga tushirguniga qadar qatnayverdilar. Shundan keyin ham Muso alayhissalom qaytib borib, yengillatishini so‘rang, dedilar. Bunga javoban Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Parvardigorimdan uyalib ketdim, bo‘ldi endi rozi bo‘lib, taslim bo‘laman", dedilar. Uzoqlashgan paytlarida jarchining: "Farzimni belgiladim, bandalarimga yengillik qilib berdim", degan nidosi yangradi.
Buyuk vazifa uchun Buyuk ikrom
Me’roj kechasida Muhammad alayhissalomga Dinimizning asoslaridan va ustunlaridan bo‘lgan eng muhim ish bo‘lmish namoz farz qilindi. Alloh taolo bu vazifani Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni O‘z huzuriga chaqirib topshirdi. Albatta buncha chuqur ma’no va hikmatlar mujassamdir. Bu namozning musulmon inson hayotida naqadar muhim o‘rin tutishini anglatadi. Shunday ekan namozga beparvo bo‘lish aslo mumkin emas.
Shuningdek, Me’roj kechasida Nabiy alayhissalomga yana ko‘p narsalar ko‘rsatildi. Jumladan, do‘zaxga posbonlik qiladigan farishtani ko‘rdilar. U hech kulmas, chehrasini ochmas ekan. Shuningdek jannat va do‘zaxni ham ko‘rdilar.
Yetimlarning molini nohaq yeyuuvchilarni ko‘rdilar. Ularning xuddi tuyalarnikidek lablari bo‘lib, og‘izlariga mushtdek toshlar kabi olov bo‘laklari otilarkan va u olov ortlaridan chiqib ketarkan. Sudxo‘rlik qiladiganlarni ko‘rdilar. Ularning ulkan qorinlari bo‘lib, shu tufayli o‘rinlaridan qimirlay olmas ekanlar. Fir’avn ahli do‘zaxga ro‘baro‘ qilinganlarida ularning ustlaridan bosib o‘tarkanlar.
Zinokorlarni ko‘rdilar. Ularning oldilarida ham semiz, yangi go‘sht va ham oriq, sasigan go‘sht turarkan. Ular semiz, yangi go‘shtni qo‘yib, oriq, sasigan go‘shtni yer ekanlar. O‘z erlariga boshqa erkaklardan (haromdan) orttirgan bolalarni olib kiradigan ayollarni siynalaridan osilgan hollarida ko‘rdilar.
Shuningdek, Nabiy alayhissalom Me’roj kechasida insonlarning bir-birlariga nisbatan do‘stona aloqalarini buzadigan, yaqinlar o‘rtasiga nizo soladigan ayrim salbiy illatlar va ularga beriladigan jazolarga ham guvoh bo‘ldilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bu haqda shunday hikoya qiladilar: “Me’rojga ko‘tarilganimda bir qavmning oldidan o‘tdim. Ularning misdan bo‘lgan tirnoqlari bor edi va o‘sha tirnoqlari bilan o‘z yuzlarini va ko‘ksilarini tirnar edilar. Men: “kim bular, ey Jibril?”, deb so‘radim. Shunda Jibril: “Bular insonlarning go‘shtini yeb (ya’ni g‘iybat qilib), obro‘lariga tosh otadigan kimsalardir”, dedi”,
Me’rojda Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan Jabroil alayhissalom ham birga bo‘ldilar. Har osmonga yetganda u eshikni ochishlarini so‘rar edi. Qo‘riqchi farishtalar: “Kim?” deb so‘rashardi. “Jabroil”, deb javob berardi. Ular: “Yoningdagi kim?” deb so‘rashardi. Jabroil alayhissalom: “Muhammad”, desalar, Ular: “Shundaymi? U Payg‘ambar etib yuborildimi?” deb, eshikni ochishar va nihoyatda izzatu ikrom bilan qarshi olishardi.
Tayyorladi: 3-kurs talabasi M.Toshxo'jayeva.
Mas'ul o'qituvchi: H.Halimova
Izoh qoldirish