26.01.2023

Birinchi bo'lib Sahih Buxoriydan dars bergan ayol

         Marvi Shahjon[1] shahrida tavallud topgan olima Karima binti Ahmad bin Muhammad bin Xotim al-Marvaziyya. 

U kishidan o‘z davrining buyuk allomalari saboq olgan va “Sahih al-Buxoriy”ning eng yuqori va oliy sanad zanjiri ham u kishiga borib tugaydi. U “Sahih al-Buxoriy” kitobini rivoyat qilish va yetkazish bilan mashhur bo'lgan hamda “al-Buxoriy” kitobidan ta`lim bergan birinchi ayol edi. Shu sabab uning ismi u kitobni roviylari qatoriga kirdi va  hijriy V asrning muhaddislaridan biriga aylandi.

U ilm, idrok, aql va ziyraklikning yuksak darajasiga erishdiki, eng yaxshi olimlar undan ilm olish uchun uning huzuriga borishar edi va Makkai Mukarramada u uchun kengash tuzilib, unda har bir ilmning kuchli olimlari jamlanar edi. U kishi hadis aytishni juda yaxshi ko`rar  va bu borasida hech kim erisha olmaydigan darajaga yetgan edilar.

 Karima al-Marvaziya yuz yil yashaganlar, turmush qurmaganlar, butun umrini ilm-ma’rifatda o‘tkazganlar. Shu sababdan tarixchilar uni “Saxovatlilar onasi” deb atashar edi. Karima arab va fars tilini mukammal bilganlar.  U kishi hijriy 463-yilda vafot qilgan. Bu haqda Imom Ibn Nuqta: “U kishi yuz yoshga yetib vafot qildi” deganlar. 


 

[1] Hozirda u Turkmaniston shaharlaridan biridir.

“Jo‘ybori Kalon” ayol qizlar 
o‘rta-maxsus islom ta’lim muassasasi
o'qituvchisi M.Mirzayeva

Izoh qoldirish