21.01.2023

BEMAZHABLIK FITNADIR

Muayyan mazhablarga ergashishning goʻyoki musulmonlar yaxlitligini buzuvchi amal sifatida tanqid qilinishi. Islom olamidagi yetakchi fiqhiy ulamolar hozirgi kunda toʻrtta sunniy mazhab asoschilari kabi sharʼiy dalillardan hukm chiqara oladigan mujtahid imomlar yoʻqligi sababli musulmonlar ushbu imomlardan biriga, yaʼni oʻz yurtida keng tarqalgan mazhabga ergashishlari lozimligini aytishadi. Buning sababi shuki, diniy masalalarda yetarli bilimlarga ega boʻlmagan odam Qurʼon va hadislardan mustaqil sharʼiy hukm chiqara olmaydi. Mazhablarda esa sharʼiy masalalar islom taʼlimoti, xalqning urf-odatlari, qadriyatlari, milliy xususiyatlaridan kelib chiqib, eng mos koʻrinishda hal qilinadi.

Ekstremistik guruhlar “kimki oʻzini biror-bir qavmga oʻxshatsa, u oʻshalardan” degan hadisni musulmonlarga ahli kitob (yahudiy va nasroniy vakillari) bilan aloqa qilish, ular kiygan kiyim (kostyum-shim, kepka va h.k.)larni kiyish man etilgan, degan maʼnoda buzib talqin qiladi. Aslida hadis aqidaviy mazmunga ega boʻlib, unda imon asoslaridan chetga chiqmaslik nazarda tutilgan. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam boshqa din vakillari bilan shaxsan yaxshi aloqada va muomalada boʻlganliklari. Jumladan, ularga hadyalar berib, ular qilgan hadyalarni qabul qilganlar. Boshqa din vakillari tomonidan hadya qilingan kiyimlarni kiyganlar. Bundan ekstremistlar oʻz gʻoya va faoliyatini asoslash maqsadida Islom manbalaridan iqtiboslar olib, yetarli ilm va tajribaga ega boʻlmagan izdoshlarini mutaassibona tarbiyalashda foydalanganligini xulosa qilish mumkin.

Yangiqoʻrgʻon tumani “Shoxoʻjaboy” jome masjidi imom xatibi Toxirjon Boltaboyev

Manba muslim.uz

 


 

 

Izoh qoldirish