28.12.2022

Qur'on o'quvchi himmati qadar rozi qilinadi.

Qurʼoni karimni tartil qilish sekin, shoshilmay, dona-dona qilib

qiroat qilishdir. Demak, Qurʼon sohibi bu dunyoda Qurʼoni karimni qandoq oʻqigan boʻlsa oʻshandoq oʻqib, martaba zinasidan koʻtarib boraveradi. Agar u Qurʼoni karimni toʻliq yodlagan boʻlsa, martaba zinasining eng yuqori choʻqqisiga chiqadi. Ozroq oʻqigan boʻlsa, martabasi ham ozroq boʻladi. Xullas, uning manzili zina boʻylab koʻtarilayotib oxirgi oʻqigan oyati tugagan yerda boʻladi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qurʼon qiyomat kuni kelib: «Ey Robbim, unga sarpo ber”, deydi. Bas, unga karomat toji kiydiriladi. Soʻngra u yana: “Ey Robbim, ziyoda qil” deydi. Shunda unga karomat sarposi kiydiriladi. 

Soʻngra u yana: “Ey Robbim, undan rozi boʻl” deydi. Bas, U zot undan rozi boʻladi. Soʻngra unga: “Qiroat qil va koʻtarilaver. Senga har bir oyat uchun bir hasana ziyoda qilinadi”, deyiladi». Ushbu hadisi sharifda boshqa hadisi shariflarda aytilgan Qurʼoni karimning oʻzini oʻqigan qoriga shafoat qilishining tafsilotlaridan biri bayon qilinmoqda. Ha, Qurʼoni karim qiyomat kuni oʻz qorisiga karomat toji kiydirilishiga, karomat sarposi kiydirilishiga, Alloh taoloning undan rozi boʻlishiga va jannat martabalarida koʻtarilishga yordam berar ekan. Shuning uchun ham Qurʼoni karimni iloji boricha koʻproq oʻqishga, koʻproq yod olishga, koʻproq oʻrganishga va unga koʻproq amal qilishga harakat qilmoq lozim.

"Jo'ybori Kalon" o'rta-maxsus islom ta'lim muassasasi o'qituvchisi 

Amonova Sitora.

Izoh qoldirish