Alloh taolo uchun do’st bo’lganlar
Alloh taolo uchun do’st bo’lganlar bir-birlarini oldidan ham, orqasidan ham faqat uning o’ziga yoqimli bo’lgan ismi bilan atashi lozim.
“Umar ibn Xattob roziyallohu anhu:
“Uch narsa sen uchun do’sting muhabbatini musaffo qiladi: unga yo’liqqaningda, avval salom berishing, uni o’zi uchun eng mahbub ismi ila chaqirishing va majlisda unga joy berishing”, deganlar”.
Ibn Muborak, Sa’id ibn Mansur, Bayhaqiy va Ibn Asokir rivoyat qilganlar.
Alloh taolo uchun do’st bo’lganlar kezi kelganda do’stining oila a’zolari, ishlari, yaxshi sifatlari va boshqa fazilatlarini, o’ziga qilgan yaxshiliklarini mubolag’a qilmasdan, me’yorida gapirib turadilar.
Hazrati Ali roziyallohu anhu: “Kim o’z do’stini yaxshi niyat ila maqtamasa, uni qilgan yaxshiligi uchun ham maqtamaydi”, deganlar.
Alloh taolo uchun do’st bo’lganlar do’sti haqida yoqimsiz gap eshitganida, darhol uni himoya qilishga o’tishlari kerak.
Ibn Umar roziyalohu anhumodan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
“Musulmon musulmonning birodaridir. U unga zulm ham qilmaydi va tashlab ham qo’ymaydi”, dedilar”.
Buxoriy, Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar.
Alloh taolo uchun do’st bo’lganlar bir-birlariga bilmagan narsalarini o’rgatib borishlari zarur.
Musulmon odam o’z do’stiga u bilmagan narsalarni o’rgatib borishi kerak. Chunki kishi molga muhtoj bo’lganidek, ilmga ham muhtoj bo’lishi mumkin. Binobarin, o’zi biladigan, do’sti bilmaydigan, uning dini va dunyosi uchun zarur bo’lgan narsalarni unga ham o’rgatishi juda zarurdir.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh
"Ijtimoiy odoblar" kitobidan
Izoh qoldirish