25 Yanvar 2020 14:24:13 (GMT+5)

Assalomu alaykum

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

“Jo‘ybori kalon”

o‘rta maxsus islom bilim yurtining rasmiy saytiga xush kelibsiz

Tarixdan ma’lum, Buxoro shahri bir qancha guzarlardan tashkil topgan. Guzarlardan birida jo‘yborilar, ya’ni, mavqei yuksak, hurmatli shayxlaristiqomat qilgan. Jo‘ybor so‘zi lug‘atda “katta oqar ariq”, “ariq bo‘yi” ma’nolarini bildiradi.

...

"Жўйбори Калон"да семинар-тренинг"

" Жўйбори Калон"да таълим сифатини яхшилаш ва мударрисаларнинг педагогик маҳоратларини ошириш мақсадида жорий йилнинг 12 октябр куни билим юртида семинар тренинг ташкил қилинди. Унда Навоий вилоят Халқ таълими ходимлари малакасини ошириш ва қайта тайёрлаш Институтининг олий тоифали методисти ва Навоий Педагогика Институти хорижий филология факультетининг катта ўқитувчиси Азимова Вазира Оқилжоновна мударрисаларга иқтидорли ва суст ўзлаштирувчи талабалар билан ишлашнинг замонавий, самарали усуллари ҳақида фойдали тавсиялар берди. Бошқа таълим муассасаларида фаолият олиб бораётган ҳамкасбларимиз учун ҳам манфаатли бўлишини умид қилган ҳолда ушбу семинарда берилган маълумотларни маъруза шаклида ва презентация кўринишида тақдим этамиз.

KIRISH

1. Qiyin va bo`sh o`zlashtiruvchi o`quvchilar faoliyatini stimullashtirish

“Stimulus” qadimgi grekcha so`z bo`lib, ma’nosi hozir qo`llaniladiganiga taqqoslaydigan bo`lsak, unchalik xayrli emas. Gap shundaki, qachonlardir ho`kiz va qoramollarni haydaydigan, uchi yo`nib o`tkirlashtirilgan uzun tayoqni shunday ataganlar. Bugungi kunda esa “stimullashtirish” - “insonni qandaydir faoliyatga etaklash, turtkilash” degan ma’noda qo`llaniladi. Inson asli tabitan shunday yaratilgan: ichki yoki tashqi turtki, eslatma bo`lmasa, hatto ba’zan majburlash bo`lmasa o`rnimizdan ham qimirlay olmaymiz.

SHunday zamonlar ham bo`lganki, ishga, mehnatga nisbatan sovuqqonlik ishyoqmaslik, dangasalik deb atalgan hamda uni yengish uchun oddiy va tabiiy usul – majburlashning turli ko`rinishlaridan foydalanishgan. Bu usul insoniy munosabatlar tarixida chuqur ildiz otgan. Yillar mobaynida “inson qalbi” deb nomlangan nozik matoning asosiy ipini topish uchun olimlar juda ko`p mehnat qildilar. Vaqt o`tishi bilan insonga samarali ta’sir etadigan munosabatlarning turli vositalari izlab topila boshladi, Natijada ularni majburlash borgan sari qiyinlashib qola boshladi. O`z haq-huquqlari bilan himoyalangan ozod va mustaqil shaxs yangicha yondashuvlarni talab etadi.

Stimullashtirish borasida amalga oshirilgan nazariy tadqiqotlarning darajasi va salmog`i nihoyatda yuqori. Ammo shunisi achinarliki, amaliyotchi-pedagog juda ko`p miqdordagi kontseptsiyalar, nazariyalar, g`oyalardan o`z faoliyati uchun yaroqlisini kamdan-kam topishi mumkin. SHu nuqtai nazardan qaraganda amaliyot metodlar quyuni ichida o`z yo`lini yo`qotib qo`ygan. Ammo, aytish joizki, ta’lim jarayoni samaradorligiga ijobiy ta’sir ko`rsatadigan omillar ichida stimullashtirish etakchi o`rin egallaydi. “Nazarimda, o`z pedagogik faoliyatimning boshlanishida men juda ko`p xatolarga yo`l qo`yganman. Tabiiyki, ularni takrorlashni istamayman,- deb tan oladi taniqli amerikalik pedagog A.Dreer,- men uchun eng qiyin muammo o`qishga motivlashtirish bo`lgan”.3

Ehtiyojlar, motivlar, stimullar – bir dalaning hosilidir. Bu tushunchalarning ierarxiyasi, tizimidagi o`rni to`g`risida uzoq bahslashish mumkin, qaysiki nazariyotchilarimiz asosan shu bilan mashg`ul. Ammo xulosa bir xil – stimullar ehtiyoj va motivlardan ajralmagan holda, ularga asoslanadi. Shuni ta’kidlash joizki, inson odatda, bir yo`la turli ko`rinishdagi ehtiyoj va motivlar ta’siri ostida bo`ladi hamda ulardan eng kuchlisiga mos ravishda harakat qiladi. Shunday bo`lishi ham mumkinki, bir nechta bir xil ta’sir kuchiga ega bo`lgan ehtiyoj va motivlar maydonga chiqib qolishi, ular orasida ziddiyat paydo bo`lishi mumkin. Shunday vaqtda kishi ular orasidan o`zi uchun ma’qul bo`lgan xatti-harakatlar yo`nalishini tanlashiga to`g`ri keladi. Insonning aynan u yoki bu yo`lni tanlashida hal qiluvchi rolni stimullar bajaradi. Demak, tanlashda, yo`nalishni aniqlashda, to`g`ri qaror qabul qilishda va kerakli yo`nalishda harakat qilishda stimullar yordamga keladi.

Ma’lumki, qo`zg`otuvchi motivlar aniq mavjud bo`lganda bizning xatti-harakatlarimiz g`ayratliroq va izchil bo`ladi. Ta’sir ko`rsata oladigan motivlashtirish ba’zan o`quvchilar xatti-harakatlariga shu darajada ijobiy ta’sir ko`rsatadiki, birinchi qarashda bu kutilmagan natijaga o`xshab ko`rinadi. Motivlashtirish o`quvchilarni turli darajadagi xatti-harakatlarni bajarishga undaydi. Natijada turli shart-sharoitlarda turli xildagi motivlashtirish, turli xildagi o`zlashtirish ko`rsatgichlariga olib keladi.

Motivlashtirish yutuqlarga erishishning zarur sharti sifatida g`arb psixologlari tomonidan chuqur tadqiq etilgan. Taniqli psixolog D.Karnegi ta’kidlaganidek, dunyoda odamlarni nimadir qilishga undaydigan birgina usul bor. Mohiyatan bu usul odamni nimadir qilishni istashga majburlash demakdir. Mashhur amerikalik faylasuf va pedagog D.Dyuining fikriga ko`ra, inson tabiatiga xos bo`lgan eng asosiy intilish – bu “ahamiyatli – qadrli bo`lish istagi”dir.

Qoida: O`quvchilar nimani xohlashayotgani haqida o`ylang!

Muayyan bir turdagi stimullarni tahlil etish uchun amerikalik professor G.Overstritning “Inson xulq-atvoriga ta’sir ko`rsatish” deb nomlangan kitobida keltirilgan fikrlarga e’tiborni qaratsak, foydadan xoli bo`lmaydi. G.Overstritning ta’kidlashicha, xulq-atvorimiz va xatti-harakatlarimiz zamirida biz uchun eng qimmatli bo`lgan orzularimiz yotadi. Kimnidir u yoki bu ko`rinishdagi xatti-harakatlarni bajarishga undashni o`z oldigan vazifa qilib qo`yganlar uchun eng yaxshi maslahat shunday: avvalo o`z suhbatdoshingizni nimanidir qattiq istashga majbur qiling. Kimki buni uddalay olsa, butun dunyoni egallaydi, agar uddalay olmasa, yakkalanib qoladi.

Istaklarga tayaning. Bolalar nimani istashadi – bu o`qituvchining olidida turgan bosh masala bo`lib hisoblanadi. Agar biz sichqonni tutmoqchi bo`lsak, qopqonga qip-qizil bo`lib pishgan gilosni qo`ymaymiz, balki pishloq bo`lagini qo`yamiz, ya’ni bunda o`z istagimiz va ta’bimizga ko`ra emas, balki kemiruvchilarning ta’bidan kelib chiqib ish yuritamiz. Shuni mudom yodda tutishimiz va anglashimiz lozimki, faqat biz nimani istashimizgina muhim emas, balki bolalar nimani istashlari ham juda muhimdir. Uni sindirishga va qayta qurishga urinmang: u o`z xohish-istaklari uchun aybdor emas. Tarbiyaning tabiatga moslanganligi g`oyasini yodda tuting. O`qituvchining vazifasi – agar pedagogik maqsadlarga mos kelmasa, intilishlarning yo`nalishini o`zgartirish.

Agar biz bolalarning chekmasligini istasagu, biroq o`quvchini chekish istagi tark etmasa, unga har qancha pand-nasihat qilsangiz ham foydasi bo`lmaydi. Bolalarni qo`rqitish uchun odatda ko`p misol qilib keltiriladigan “nikotindan o`lgan ot” sizga yordam bermaydi. Ammo siz o`quvchingizda musobaqada g`olib bo`lish, futbol jamoasiga qo`shilish yoki sinfdagi bir go`zal qizning nazariga tushish istagi borligini bilib qolsangiz, unga tushuntiringki, chekish bu borada muvaffaqiyatsizlikka uchrashiga sabab bo`lishi mumkin.

Qiziqishlar va mayllarni hisobga oling. Tushunish – kechirish demakdir, degan hikmat bor. O`quvchini agar o`qituvchi tushunmasa, kim tushunadi? O`quvchilar orasida hech narsaga qiziqmaydigani bo`lmaydi. Bu allaqachon hammamiz uchun ma’lum bo`lgan aksioma bo`lsa ham, hamon biz o`quvchilar qiziqishlarini hisobga olishni o`rganmaganmiz.

O`qish-o`rganish va o`z-o`zini takomillashtirishning kuchli stimuliga nisbatan qiziqish uyg`otishning juda ko`p qo`shimcha vositalari borligini unutmaslik kerak. Shulardan biri bolalarning yorqin obrazlar, va formalarga bo`lgan qiziqishlariga asoslanadi. Intellekt hissiy kechinmalar ta’siriga tez tushib qoladi va o`quvchi unga ko`proq ta’sir ko`rsatib turgan xatti-harakatlarni bajarish uchun yo`l va bahona qidira boshlaydi. Qiyin vaziyatlarda shakldan mazmunga, his-tuyg`udan mantiqqa qarab borish kerak bo`ladi. Shunday yo`l tutsangiz bolalarni o`z maqsadlaringizga qiziqtirish imkoniyatingiz katta bo`ladi. O`z g`oyalaringizni dramalashtiring,- deb maslahat beradi D.Karnegi,- ularni samarali va yorqin shaklda etkazing.

O`quvchilaringizni qiziqtiradigan narsalar haqida gapirishga harakat qiling, to`g`rirog`i ishni shundan boshlang. Bolalarning qiziqishlari, fikrlari, baholariga nisbatan hurmat bilan qarang. Mayli, ko`proq bolalar gapirishsin. Ba’zi bir masalalarda sizda ma’lumotlar etishmasligidan cho`chimang, o`quvchilar bir muddat sizning “o`qituvchingiz”ga aylansalar ham mayli. Yodda tuting: sizning maqsadingiz - o`quvchilarning qiziqishlari yo`nalishini tarbiya va didaktik maqsadlarga tomon burish.

O`rtacha odamni butun dunyo bo`yicha o`z ismi boshqa barcha ismlardan ko`ra ko`proq qiziqtiradi, deb ta’kidlaydi D.Karnegi. Biz har qancha ta’qiqlab qo`ymaylik, baribir bolalarning devorlarga, partalarga, daraxtlarga ismlar, laqablarni o`yib yozib qo`yganiga ko`zimiz tushadi. Bolalardagi bu kuchli istakni stimul o`rnida qo`llaymiz. Sinf doskasiga, plakatlarga katta-katta harflar bilan alohida ajralib turadigan bolalarning ismlarini yozinglar, deb topshiriq bersangiz, bolalarda sizning predmetingiz, shaxsingizga nisbatan qiziqish paydo bo`lishiga erishishingiz mumkin.

O`quvchining niyatini bilishga harakat qiling. Niyat ehtiyoj asosida paydo bo`ladi. Masalan, o`quvchi fermer bo`lishni niyat qildi deylik. U har kuni xo`jalikda biror bir ish qilishni niyat qiladi. U hamma narsani o`ylab qo`ygan, rejalashtirgan, hatto vaqt byudjetidan bir qismini shu ish uchun ajratgan. O`ylab ko`ring, agar qo`pol ravishda uning rejalarini buzib qo`ysangiz nima bo`ladi. Agar o`qituvchi o`z ishlarini belgilab qo`ygan bolaga rejalarini o`zgartirib yuboradigan topshiriq bersa, u muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Shunday – ikki yo`ldan birini tanlash vaziyatiga tushib qolgan o`quvchining xulq-atvorida keskin o`zgarishlar paydo bo`ladi.

O`quvchilarga o`z oldilariga qo`ygan niyatlariga erishishlari uchun yordam berish yo`lini qidiring. Gap shundaki, ko`pincha niyat vaziyatli motivlar ta’sirida vujudga keladi va o`quvchi bu niyatini amalga oshirishi uchun kuchi etish-etmasligi haqida o`ylab ham o`tirmaydi. Hayotda bunday voqealarni tez-tez uchratib turish mumkin. Masalan, o`quvchi onasining zorlanib yalinishlari, ko`z yoshlariga azbaroyi achinganidan o`z xulq-atvorini o`zgartirishga ahd qiladi. Ammo mavjud vaziyat, muhit uning imkoniyatlaridan ko`ra kuchliroq, o`ylagan niyatini amalga oshirish uchun uning kuchi etmaydi. Bergan va’dasining ustidan chiqmaganligi uchun uni ortiqcha tergamang. Yaxshisi uning ko`nglini ko`tarib, unga aniq va kuchi etadigan maqsadlar qo`yishga yordam bering. Agar maqsadlar murakkab va unga erishish uchun uzoq vaqt talab etiladigan bo`lsa, uni amalga oshirish uchun qanday qilib, sekin-asta harakat qilish lozimligini tushuntirib boring.

O`quvchining hurmatga sazovor bo`lish istagini rag`batlantiring. Hurmat-e’tibor qozonish istagi hamma odamda mavjud bo`ladi. Ko`pgina bolalar bilim uchun emas, balki e’tiborga tushish uchun o`qishga harakat qiladilar. Ularni yuqori darajadagi raqobat muhiti o`ziga tortadi. Agar bu stimul o`quvchi ongida ildiz otib, o`rnishib qolgan bo`lsa va ta’lim jarayoniga ijobiy ta’sir ko`rsatsa, undan to`g`ri foydalanishga harakat qilish kerak.

“Odamlar nazariga tushish”dan umidini uzgan, o`z-o`ziga nisbatan past baho beradigan o`quvchilarga qanday qilib shu “kasallik”ni yuqtirish mumkin? Bu o`rinda turli xildagi hissiy-irodaviy sohalarga murojaat qilishga va turli xildagi nostandart qarorlar qabul qilishga to`g`ri keladi. Masalan, o`quvchiga “dushmanlarini o`ldirish”ga yordam bering. Ko`pgina odamlar o`zida mavjud bo`lgan qo`rquv va irodasizligi tufayli o`z imkoniyatlarini, layoqatlarini namoyish eta olmay qolib ketganliklarini o`quvchiga tushuntiring. Tish doktoriga borib qiynalgandan ko`ra, tishsiz qolgan osonroq.emasmi?!

O`quvchini uni cho`chitadigan muhitda yolg`iz qoldirmang, toki u bunday vaziyatda yo`l topishni o`rganib olmaguncha. O`quvchi doska oldida javob berishga qo`rqsa, u bilan yakkama-yakka tarzda mashq qiling. Sizning vazifangiz – o`quvchida o`ziga ishonch hissini paydo qilishga yordam berish. Faqat shundan so`nggina u mustaqil ravishda “dushmanlar bilan jangga” kira olishi mumkin. Shuni unutmangki, xavotirlik darajasi yuqori bo`lgan o`quvchilarning 75 %i yangi tanbehlaru kundalik daftardagi yozishmalarni emas, balki, aynan, sizning qo`llab-quvvatlashingizni kutib turadi.

O`quvchi xatti-harakatlari oqibatini ko`rsating. Tadqiqotchi A.Gavrilova turli yoshdagi o`quvchilarga maxsus tuzilgan matnni o`qib, uni davom ettirishni topshiradi. Bu matnda bir bola o`ziga sovg`a sifatida berilgan kuchukcha o`zining oldingi xo`jayinini qo`msayotganligini sezib qoladi. Bu vaziyatda bolaning oldida ikki yo`l – kuchukchani o`z egasiga qaytarish yoki o`zida qoldirish shartidan birini tanlash turibdi. O`quvchilar matnni davom ettirib, bola bu kuchukchani oldingi egasiga qaytaradimi yoki o`zida qoldiradimi, shuni yozishlari kerak edi. Bu tajribada ishtirok etgan o`quvchilarning deyarli hammasi “bola kuchukchani o`zida qoldirishi kerak”,- deb yozishgan. O`quvchilarda qiyin ahvolda qolgan hayvonlargagina emas, hatto odamlarga nisbatan ham hamdardlik bildirish hissi yo`qligi aniqlangan.

Bu nimadan dalolat beradi? Axloqiy jihatdan noqislikni, hissizliknimi? Faqat bunigina emas. Bizning o`quvchilarimiz o`zini birovning o`rniga qo`yib ko`rish, uning kechinmalarini his etishga o`rganmaganlar. Ular o`z xatti-harakatlarining oqibatlari haqida o`ylab ko`rish, unga baho berishga odatlanmaganlar. Agar pedagog vaqtida va ishonarli ravishda o`z o`quvchilarining ko`zini ochib qo`ysa, u o`quvchi xulq-atvorini yaxshi tomonga o`zgartirishning qo`shimcha va samarali stimuliga ega bo`ladi.

Tajribali pedagoglardan biri bilan suhbatlashganimizda, u shunday dedi: “Men Olimjonga hech qanday bilim, malaka, ma’lumot talab etilmaydigan faoliyat turlari haqida bir nechta hayotiy misollar keltirishni taklif etdim. Agar shu topshiriqni bajara olsa, men unga o`z predmetimdan ijobiy baho qo`yishga va’da berdim. Men uchun kutilmaganda Olimjon mening savolimga javob bera olmasligini aytdi. Demak, bizning o`zaro suhbatlarimiz unga ta’sir o`tkazibdi. U darslarda ancha yaxshi natijalar ko`rsata boshladi. Keyinchalik unga e’tibor qaratgan yagona kishi ekanligimni u tan oldi”.

O`quvchining qadr-qimmatini joyiga qo`ying. O`quvchida tashabbuskorlikni hamda unda bor bo`lgan barcha ijobiy fazilatlarni uning qadr-qimmatini joyiga qo`yish orqali rivojlantiring. Agar sharoit shuni talab qilsa, biroz yolg`on ishlatishdan ham qo`rqmang. Chunki aldash – bu kishiga aynan u o`zi haqida o`ylaganlarini gapirish demakdir. Siz ishlatgan bu beozor yolg`on tarbiyalanuvchida yangi kuch-g`ayrat oqimini paydo etishi mumkin.

Agar o`quvchilarning yutuqlariga chin dildan xursand bo`la olsangiz, ularni qadrlay olsangiz, albatta, juda yaxshi bo`ladi. Ammo pedagoglarimizning qo`l ostidagilar juda ko`pchilik bo`lganligidan, ba’zan ularning har biri uchun kerakli va betakror so`zni topib aytish qiyin bo`lib qoladi. Bu o`rinda aktyorlik qilishga to`g`ri keladi.

Ko`plab tadqiqotlar natijasida o`quvchilarning qadr-qimmatini joyiga qo`yish va mavjud imkoniyatlarini tan olishning beqiyos samara berishi isbotlangan. Nafaqat bolalar, balki kattalar ham, ularning qadri-qimmati e’tirof etilishini yaxshi ko`rishadi. Insonlardagi ana shu zaiflikni e’tiborga olib, D.Karnegi har doim ham tanqid qilishdan ko`ra maqtash afzalroq ekanligini e’tirof etadi. SHuning uchun ham quruq xushomad qilishdan qochgan holda, kishidagi ijobiy jihatlarni tan olishga harakat qilish kerak. Shundagina tarbiyalanuvchingizda siz istagandek inson bo`lish imkoniyati ortadi. “Siz birovga avval o`zingiz olishni istagan narsani bering”,- deb maslahat beradi D.Karnegi.

Ayniqsa, arzimas narsalarga yopishib olishdan, bo`lar-bo`lmasga tanbeh berishdan qochish kerak. O`quvchini tushunishga chin dildan harakat qiling, narsalarga uning ko`zi bilan qarang.

O`quvchining yutuqlarini ma’qullang. “Obrazli qilib aytganda, yaxshi bajarilgan ish uchun bolaning elkasidan qoqib qo`yish, uni sidqi dildan mehanatni davom ettirishga stimullashtiradi”,- deydi amerikalik pedagog A.Dreer. Ma’qullovchi so`z, imo-ishora, xatti-harakatlarni faqat eng yaxshi o`quvchilarga emas, balki o`quv mehnatida o`z shijoatini namoish eta olgan barcha o`quvchiga nisbatan yo`llash talab etiladi. Shunday holatlar ham bo`lganki, o`qituvchining past o`zlashtiruvchi o`quvchiga bergan oqilona ma’qullovchi bahosi juda katta ijobiy ta’sir o`tkazgan. Tadqiqotlarning ko`rsatishicha, ijodkorlikka yo`llovchi asosiy motiv – bu kishining o`z faoliyati natijasini yaxshilashga qaratilgan xatti-harakatidir. Bu holat xuddi kishining o`zi bilan o`zi musobaqalashib, oldin erishgan natijasidan yanada yaxshiroq natijaga erishish uchun tirishishiga, paydo bo`lgan muammoni nihoyatda ajoyib yo`llar bilan hal etishga urinishiga o`xshaydi.

Muvaffaqiyatga intilish istagining kuchliligi ba’zan boshqa maqsadlarni to`sib qo`yadi va ular erishish qiyin bo`lgan g`oyaga aylanadi. Kompyuter xakerlari (kompyuterning oldida juda ko`p vaqtini o`tkazadigan yoshlar) – boshqa barcha ishtiyoqlarni so`ndiradigan xatti-harakat bo`lib, undan bolani boshqa mashg`ulotga e’tiborini qaratish maqsadida foydalanish mumkin.

Har birimiz o`quvchi muvaffaqiyati ahamiyatini chetlab o`tadigan barcha steriotiplardan qochib, sinfga kirayotganimizda shuni unutmasligimiz kerakki, agar yutuqni rag`batlantirishning hissiy ahamiyati, xatolari uchun jazolashning hissiy ahamiyatidan afzalroq bo`lsa, muvaffaqiyatga intilish shakllanadi va kuchayadi. Agar, aksincha, jazolashning hissiy ahamiyati rag`batlantirishnikidan ko`ra yuqoriroq bo`lsa, bora-bora o`quvchida muvaffaqiyatsizlikdan qochish istagi shakllanadi. Shu tariqa faqatgina ota-onasidan gap eshitmaslik va o`qituvchisini uyaltirib qo`ymaslik uchungina o`qiydigan o`quvchilar paydo bo`ladi.

Ishingizning ta’sirchanligini oshiring. Qiyin va uncha o`ziga jalb etmaydigan o`quv faoliyatini qanday qilib o`quvchilar uchun qiziqarli va istalgan mashg`ulotga aylantirish mumkinligi to`g`risida novator-pedagoglarda juda qiziqarli g`oyalar mavjud. Oila tarbiyasi to`g`risidagi qo`llanmada berilgan bir materialdan namuna keltiramiz.Chunki bu misol qanday qilib bola uchun bajarish uncha yoqimli bo`lmagan ishga uni stimullashtirish mumkinligini ko`rsatadi.

Idish-tovoqlarni yuvish qiziqarli va obro`li ish deb kim ayta oladi? Ammo shunday kishilar ham borki, ular uchun idish-tovoq yuvish shunchaki qiziqarli emas, balki sevimli mashg`ulot bo`lib hisoblanadi. Bunday munosabat qanday qilib paydo bo`lishi va shakllanishi mumkin degan savolga yoshi kattaroq bir ayol shunday javob beradi: “Men hali yoshgina bola bo`lgan vaqtimda onam agar aqlli qiz bo`lsam, menga idish-tovoqni yuvishga ruxsat berishini aytar edi. Bunday mukofotni qo`lga kiritish uchun men o`zimni yaxshi tutishga harakat qilar edim”. Bu o`rinda mukofot sifatida taqdim etilgan idish-tovoq yuvish ishi, haqiqatdan ham, kichkina qizaloq tomonidan mukofot sifatida qabul qilingan. Axir, aslida “mukofot” sanalmaydigan narsa bilan mukofotlashmaydi-ku?

Ishingizning qiziqarli bo`lishida o`quvchilarning xatosi ham, aniqrog`i sizning xatolarga munosabatingiz ham yordam berishi mumkin. O`quvchilarning xatolaridan maksimal darajadagi stimulni toping: “Ajoyib xato!”, “Haqiqatga olib boruvchi xato”, “Rahmat, sening fikring unchalik to`g`ri bo`lmasa ham, u mulohaza yuritishga undaydi”, O`quvchi kuzatishlarining aniqligi va nozik tomonlarini har jihatdan ta’kidlang: “Men ham senday bo`lganimda, shunday deb o`ylar edim...”, “Avvallari men o`ylardimki, ...”. Shunday qilingki, siz bolalarni undagan narsa u qadar qiyin emasligiga ular ishonch hosil qilsinlar. “Rahmat sizga bolalar, siz bugun menga katta yordam berdingiz”,- deb darsdan so`ng o`zining 6 yoshli o`quvchilariga minnatdorchilik izhor etadi, Sh.A.Amonashvilli.

Ba’zida o`quvchilaringizga nisbatan “kerak” degan so`zni ishlating. Garchand bu stimul maktab amaliyotida uzoq vaqt davomida qo`llanib kelingan yagona stimul bo`sa ham, uning amal qilish imkoniyatlari hali ham cheklangani yo`q. Albatta, bu stimulga shaxsiy yo`nalish berish kerak (Sen shunday qilishing kerak, Azizbek! Axir sen o`g`il bolasan!). O`quvchi qiyinchiliklarni engib, xuddi kattalardek, matonatli kishilardek ish bajarganligidan zavqlanish hissini tuysin. Bundan tashqari, u topshiriqni bajarganligidan xursand bo`lishi va faxr-iftixor tuyg`usini his etishi kerak. Bular, albatta, “kerak” stimuliga qo`shimcha ravishda amalga oshiriladi.

Vaziyatdan foydalaning. To`g`rirog`i – qulay fursatni boy bermang. Gap shundaki, ko`pincha, stimulni hayotning o`zi, voqealarning rivojlanish jarayoni o`rtaga tashlaydi. Bu kutilmagan, to`satdan paydo bo`ladigan stimullar uzoq ishlab chiqilgan va puxta rejalashtirilgan stimullardan sirayam qolishmaydi. Faqat ularni tezgina payqab olish, ularga moslashish va ishning foydasiga yo`naltirish kerak bo`ladi, xolos.

O`qituvchilar ham shu singari, “ta’qiqlash” usuli yordamida u yoki bu topshiriqni bajarish istagini o`quvchida kuchaytirishlari mumkin.

O`quvchiga imkoniyat bering. “Bolaga, turmush o`rtog`ingizga yoki qo`l ostingizdagi xodimlarga u yoki bu faoliyatga nisbatan kaltafahm, farosatsiz, ahmoq va layoqatsiz ekanligini aytsangiz, uni deyarli barcha stimullardan mahrum etasiz. Agar teskari usulni qo`llasangiz, ya’ni rag`batlantiruvchi, najotbaxsh so`zlarni aytishga qizg`anchiqlik qilmasdan, suhbatdoshingiz oldida turgan vazifaning hech qanday murakkabligi yo`qligiga uni ishontirsangiz, uning kuchiga va qobiliyatiga ishonishingizni, bu vazifani bajarish uchun unda ichki tuyg`u va kuch etarli ekanligini uqtirsangiz, u ertalabgacha muvaffaqiyatga erishish uchun mashq qilib chiqadi”,- deb maslahat beradi D.Karnegi.

“Sen bajara olasan, sen bunga erishasan” degan stimul juda katta kuchga ega. Amerika maktablaridan birida psixologlar tomonidan “intellekt koeffitsienti”ni tadqiq qilish bo`yicha psixologlar tomonidan olib borilgan tajribalar bu stimulning qanchalik yuqori natija berishini asoslagan. Ular kutilmaganda butun sinfga o`tkazilgan tajribalarda bir nechta past o`zlashtiruvchi o`quvchilar yuqori natija ko`rsatganliklarini e’lon qiladilar. Natija kutilganidan ham ortiq bo`ldi: nazarga tushib tan olinganliklaridan ruhlangan o`quvchilar semestr so`ngida o`tkazilgan testlarda ishonch bilan qatnashib, haqiqatdan ham yuqori natijalarga erishdilar va a’lochilar safidan joy oldilar.

I.P.Podlaso’y tomonidan o`tkazilgan tadqiqotlarning birida stimullashtirishning “Yutuq” deb nomlangan kompyuter dasturidan foydalaniladi. Tanaffuslarda shug`ullanishni yoqtiradigan bu kompyuter dasturi yordmida o`quvchilar turli predmetlardan o`zlarining yaqin kelajakda oladigan baholarini prognoz qilar edilar. Bir kuni uni shunday sozladilarki, dastur oldindan ko`zlangandek noto`g`ri ravishda yuqori ko`rsatgichlarni ko`rsatib, juda ishonarli qilib o`quvchilarning ijobiy yutuqlari dinamikasini bashorat qildi. Keyin nima bo`ldi deng? Muvaffaqiyatga bo`lgan ishonch o`rta va past o`zlashtiruvchilarning o`quv-biluv faoliyatlarida ilgari siljishlariga sabab bo`ldi.

Yuqorida sanab o`tilgan stimullashtirish imkoniyatlariga rioya qilgan holda o`quv-biluv faoliyati tashkil etilsa, o`quv materialining muvaffaqiyatli va to`liq o`zlashtirishga erishishni kafolatlash mumkin bo`ladi. Keltirilgan stimullarning ta’lim jarayoni samaradorligini oshirishdagi ahamiyatini hisobga olib, stimullashtirish modelini 2.1.-chizmada quyidagicha ifodalash mumkin.